Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida investitsiya loyihalarini jadallashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mazkur tarmoqlarda ishni zamonaviy asosda tashkil etib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar turini kengaytirish choralari ko‘rilgani natijasida so‘nggi uch yilda eksport hajmi 1,7 baravar oshdi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 350 million dollarga yetishi kutilmoqda.
Lekin hali kamchiliklar ko‘pligi, elektrotexnika va farmatsevtika iqtisodiyotda “rivojlanish nuqtalari” bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
– O‘tgan 10 oyda ikkita soha bo‘yicha 2 milliard dollardan ko‘p import bo‘lgan. Mana shu raqamning o‘zi nima qilishimiz kerakligini ko‘rsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilda elektrotexnika sanoati tarmog‘ida 55 ta loyiha rejalashtirilgan edi. Shundan 26 tasi yo‘lga qo‘yilgan, 29 tasining ijrosi kechikmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday qoloqlikning sabablarini so‘rab, ularni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Elektrotexnika tarmog‘ining drayver yo‘nalishlarini aniqlab olish kerakligi qayd etildi.
Bugungi kunda ishlab chiqarish murakkab bo‘lmagan va xorijdan olib kelishdagi transport xarajatlari yuqori mahsulotlar importi 500 million dollardan ortadi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasiga yil yakuniga qadar shunday mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirib, Toshkent shahri va Xorazmdagi sanoat zonalarida ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Mazkur tarmoqdagi eksportni shu yil yakuni bilan 310 million dollarga, kelgusi yil 370 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bunda dunyoga mashhur onlayn savdo tarmoqlaridan ham foydalanish, xalqaro tenderlarda qatnashish yaxshi samara berishi aytildi. 2021-yilda xalqaro standartlarni joriy etish uchun laboratoriya va sertifikatlash markazini tashkil etish topshirig‘i berildi.
Yig‘ilishda farmatsevtika tarmog‘idagi loyihalar ijrosi ham muhokama etildi.
Joriy yilga rejalashtirilgan 100 million dollarlik 37 ta investitsiya loyihasidan bugungi kungacha faqat bittasi foydalanishga topshirilgani keskin tanqid qilindi.
Kelgusi yilda 149 million dollarlik 37 ta loyiha bo‘yicha amaliy ishlarni hozirdan boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohadagi yana bir kamchilik – oxirgi yillarda tashkil etilgan 16 ta yirik korxonaning 8 tasi to‘liq quvvatda ishlamayapti. Mutasaddilarga ularni birma-bir tahlil qilib, to‘liq quvvatga chiqishiga ko‘maklashish topshirildi.
Mahalliy korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori-darmon ishlab chiqarilsa-da, ular asosan murakkab bo‘lmagan jenerik vositalardan iborat.
– Pandemiya hammamizning ko‘zimizni ochdi, farmatsevtika nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik jihatidan ham strategik tarmoq ekanini ko‘rsatdi. Birinchi bo‘lib farmzonalar tashkil etganimiz bejiz emas. Biz juda ko‘p narsaga dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz kerak, – dedi Prezident.
Shu bois xavfsizlik va samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.
Misol uchun, kelgusi yilda Namanganda parenteral, Samarqandda gormonal va Toshkent viloyatida qon preparatlarini ishlab chiqarishga imkoniyat mavjud.
Dorivor o‘simliklarni plantansiya usulida yetishtirish va sanoat qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish natijasida eksport hajmi joriy yilning o‘tgan 10 oyida 40 million dollarni tashkil etdi. Hududlarda dorivor o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha qiymati 42 million dollar bo‘lgan 14 ta klaster tashkil etildi.
Joriy yilda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari 16 ming gektarga, xomashyo tayyorlash hajmi 22 ming tonnaga yetkazilmoqda. Lekin bu yetarli emas.
Shu bois kelgusi yilda mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmini kamida 2 baravarga oshirish maqsad qilib qo‘yildi.
Qandli diabet kasalligida shakar o‘rnini bosuvchi steviya o‘simligini yetishtirish, baxmalgul, na’matak, topinambur, ola-o‘t, za’faron kabi eksportbop dorivorlarni sanoatlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
207 ta korxonadan 157 tasida xalqaro standartlar joriy qilinmagani qayd etilib, bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Kelgusi yilda farmavsevtika mahsulotlari eksportini 55 million dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.